Shu yilning 27-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga o‘tkaziladigan saylov jarayonlarini kuzatish maqsadida yurtimizga kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) uzoq muddatli kuzatuvchilari Rut Van Reyn va Stiven Farli Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Xo‘jaqul Muhammadiyev va komissiya a’zolari bilan uchrashuv davomida xalqaro kuzatuvchilarga Samarqand viloyati hududida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov o‘tkazuvchi 8 ta, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta saylov okrugi, shuningdek, tuman va shahar Kengashlari uchun 20 tadan 30 tagacha saylov okrugi tuzilgani ta’kidlandi. Mazkur okruglar bo‘yicha 1130 ta saylov uchastkasi tashkil etilgani va uchastka saylov komissiyalari tuzilib, ayni paytda saylovga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgani qayd etildi.
O‘zaro muloqot davomida mehmonlar bu yilgi saylovning o‘ziga xos xususiyatlari, saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish jarayoni, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish, ovoz berishni o‘tkazish uchun ko‘rilayotgan tayyorgarlik, ayni paytda siyosiy partiyalar tomonidan saylovoldi tashviqotini olib borish uchun yaratilgan sharoitlar va boshqa masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga komissiya mas’ullaridan javob oldilar.
Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi
Matbuot markazi