Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatga olindi

23.09.2024

137

msk_yangiliklari_in

19-sentyabr kuni Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

 

Komissiya raisi X.Muhammadiyev boshqargan yig‘ilishda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

 

 

Saylov kodeksining 37-moddasiga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalar nomzod ko‘rsatish huquqiga ega. Hududiy saylov komissiyasi nomzodlarni belgilangan tartibda ro‘yxatga oladi va ular haqidagi ma’lumotlar rasmiy e’lon qilinishini tashkil etadi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanadi.

 

– Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi 60 ta saylov okrugiga beshta siyosiy partiyaning har biridan bir nafardan, jami 300 nafar nomzod to‘g‘risidagi arizalar “E-saylov” tizimi orqali komissiyaga yuborilgan, – dedi hududiy saylov komissiyasi kotibi Amrillo Axtamov. – Nomzodlarning 41 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Biz nomzodlar va ular haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqdik. Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari talablariga mos keladi.

 

 

Yig‘ilishda partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan 300 nafar nomzodni xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

 

Saylov kodeksining 40-moddasiga belgilanganidek, hududiy saylov komissiyasi besh kunlik muddatda nomzodlar ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, partiyaga mansubligi, egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e’lon qiladi.

 

 

 Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi

Matbuot markazi.

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur