Saylov uchastkalarida jarayonga hozirlik 

27.09.2024

89

msk_yangiliklari_in

Shu yilning 27-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovda Samarqand viloyati aholisi 1130 ta saylov uchastkasiga borib ovoz berishda qatnashadi.

 

Mazkur saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining, harbiy qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish muassasalari boshliqlarining taqdimnomasiga binoan Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra tuzilgan.

 

 

Saylov uchastkalarining 878 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 67 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 59 tasi tibbiyot muassasalari, sanatoriy va dam olish maskanlarida, 14 tasi harbiy qism, ozodlikdan mahrum etish muassasalarida tashkil etilgan. Uchastkalarda ovoz berishni tashkil etish uchun belgilangan talablar asosida zarur shart-sharoit yaratilgan. Viloyat bo‘yicha 64 ta saylov uchastkasida saylov kuni amalga oshiriladigan tadbirlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilmoqda.

 

 

Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasining 13-sentyabrdagi qarori bilan uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlangan. Qarorga muvofiq, mavjud 1130 uchastka saylov komissiyasiga 12 ming 144 kishi jalb etilgan. Komissiya a’zolarining 5598 nafari, ya’ni 46 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Mutaxassisligi bo‘yicha 52 foizi xalq ta’limi tizimi xodimlari, 17 foizi davlat idoralari va muassasalari xodimlari, 10 foizi jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat.

 

 

– Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartib bo‘yicha shu paytgacha barcha darajadagi saylov komissiyalari a’zolari saylov qonunchiligi va saylov kuni bajariladigan vazifalar bo‘yicha o‘qitildi – deydi Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Sanjar Nazarov. – Dastlabki bosqichda komissiya raisi va o‘rinbosarlari, kotiblar, so‘ngra komissiya a’zolari uchun barcha tuman va shaharlarda o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Bu mashg‘ulotlarda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, mahalliy ekspertlar ishtirok etib, saylov qonunchiligidagi so‘nggi yangilik va o‘zgarishlar to‘g‘risida ishtirokchilarga batafsil tushuncha berdi. Nazariy va amaliy o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, Ye-saylov va boshqa elektron platformalardan foydalanish tartiblari tushuntirildi. Shu paytgacha uchastka saylov komissiyalarga saylovga oid qo‘llanma va ko‘rgazmali vositalar yetkazib berildi. Uchastkalar zarur texnik vositalar, mebel va boshqa jihozlar bilan ta’minlandi. Ayni paytda barcha uchastkalarda saylovchilar ro‘yxatlarini tayyorlash, ovoz berish jarayonlarini o‘tkazishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

 

 

Viloyatning Narpay tumanida 55 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Uchastkalarning 48 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 2 tasi musiqa va san’at maktablarida, 2 tasi kasb-hunar maktablarida, 1 tasi davlat xizmatlari markazida, 1 tasi xizmat ko‘rsatish texnikumida, 1 tasi (maxsus) tuman tibbiyot birlashmasida joylashgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu uchastkalarda 113 ming nafardan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan. Barcha saylov uchastkalarida komissiya a’zolari va saylovchilar, kuzatuvchilar uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Binolarga olib boruvchi ichki yo‘llar ta’mirlangan. Saylov uchastkalarida ovoz berish kabinalari, ovoz berish uchun mo‘ljallangan katta va ko‘chma qutilar mavjud.

 

 

Viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham saylov uchastkalarini jarayonga tayyorlash ishlari qizg‘in davom etmoqda.

 

Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi matbuot xizmati.

 

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur