Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga saylov natijalari aytildi

29.10.2024

199

msk_yangiliklari_in

Viloyat hududiy saylov komissiyasi matbuot markazida 27-oktyabr kuni o‘tkazilgan saylov yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

 

Bu yil viloyatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 8 ta bir mandatli saylov okrugi, xalq deputatlari viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta hamda tuman va shahar Kengashlari uchun 410 ta saylov okrugi tuzilgan edi.

 

   

 

– Saylov kuni viloyat hududidagi 1130 ta saylov uchastkasida mazkur okruglar bo‘yicha deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga ovoz berildi, – dedi viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi X.Muhammadiyev. – Ovoz berish jarayonlari soat 8.00 da boshlanib, 20.00 da yakunlandi. Saylovni 100 ga yaqin xalqaro kuzatuvchilar bevosita kuzatib borishi imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, hududiy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan 5 ming 650 nafar siyosiy partiyalar kuzatuvchilari, 1 ming 100 nafardan ortiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilari saylov uchastkalarida ish olib bordi. 

 

    

 

Saylov kuni 1 million 636 ming 873 nafar fuqaro ovoz berishda ishtirok etdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 75,9 foizini tashkil etadi. 16-23-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida viloyat bo‘yicha 181 ming 925 nafar saylovchi ovoz bergan edi.

 

Ovoz berish natijalariga ko‘ra xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 16 nafar, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 14 nafar, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan 9 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 10 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 11 nafar deputat saylandi. 

 

Saylov kodeksining 97-moddasida mahalliy Kengashga o‘tkazilgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirmay qabul qilinishi va matbuotda e’lon qilinishi belgilangan.

 

Viloyat hududiy saylov komissiyasi

 

Matbuot markazi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur