partiyalar

O‘zbekiston “Adolat” SDP 1995 yil 18 fevralda I Taʼsis Qurultoyida tashkil topgan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1995 yil 18 fevralda №184-son bilan ro‘yhatga olingan.1995 yil 18 fevral – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining I Taʼsis Qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning Dasturi va Ustavi qabul qilinib, bosh shiori “Kuch – adolatda!” deb belgilandi.

Qurultoy tomonidan partiyaning bosma nashri – “Adolat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi taʼsis etildi va 1995 yilning 22 fevral kuni gazetaning ilk soni nashr etildi.

1995 yil 18 fevral – partiyaning birinchi Plenumida Siyosiy Kengashning Birinchi kotibi etib Anvar Jo‘raboyev saylandi.

1996 yil 8 noyabr – Navbatdan tashqari Plenumda partiya Siyosiy Kengashning Birinchi kotibi etib Turg‘unpo‘lat Daminov saylandi.

2005 yil 24 yanvar – Navbatdan tashqari II Plenumda partiya Siyosiy Kengashning Birinchi kotibi etib Dilorom Toshmuhamedova saylandi.

2008yil 27 sentyabr – partiya Siyosiy Kengashining

X Plenumi bo‘lib o‘tdi. Plenumda partiya Siyosiy Kengashi Birinchi kotibi D.Toshmuhamedova Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri etib saylanganligi munosabati bilan Ismoil Saifnazarov partiya Siyosiy Kengashi raisi etib saylandi.

2012yil 22 dekabr – partiya Siyosiy Kengashi VII Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning ramziga o‘zgartirish kiritildi.

2013yil 7 iyun – partiya Siyosiy Kengashining IX Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda Narimon Umarov partiya Siyosiy Kengashi raisi etib saylandi.

O‘zbekiston “Adolat” SDP O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga 1999, 2004, 2009 va 2014yillarda o‘tkazilgan saylovlarda faol ishtirok etib, parlamentdagi fraksiyasini tuzgan hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarida partiya guruhlariga ega bo‘lgan.

2014 yil 21 dekabr – 2015 yil 4 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovida O‘zbekiston “Adolat” SDP ham munosib ishtirok etib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 20 ta, mahalliy Kengashlarda esa 834 ta deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ldi.

Partiya 2007, 2015, 2016 yillardagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ham faol ishtirok etib, o‘z nomzodini ko‘rsatgan.

2019 yil 22 dekabr – 2020 yil 5 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovida O‘zbekiston “Adolat” SDP ham munosib ishtirok etib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 24 ta, mahalliy Kengashlarda esa 870 ta deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ldi. Shuningdek, Oliy Majlis Senatiga 7 nafar partiya faoli senator etib saylandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarimizning 13 nafari (54 %) hamda senatorlarning 2 nafari (28 %) xotin-qizlardir. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylangan deputatlarning 460 nafari (55 %)ni xotin-qizlar, 51 nafari (6 %)ni yoshlar tashkil etadi.

2020 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, partiya safiga 430 496 nafar aʼzolar birlashgan bo‘lib, ularning 46 foizini xotin-qizlar, 39 foizini yoshlar tashkil etadi. Bugungi kunda joylarda 6250 ta boshlang‘ich partiya tashkilotlari, 204 ta tuman (shahar)  Kengashlari va 14 ta hududiy partiya Kengashlari faoliyat yuritib kelmoqda.