Saylovoldi tashviqoti 22-sentyabrdan boshlanadi

21.09.2024

169

msk_yangiliklari_in

Viloyat hududiy saylov komissiyasining bugun o‘tkazilgan navbatdagi majlisida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti masalasi ko‘rib chiqildi. 

 

Komissiya raisi X.Muhammadiyev Markaziy saylov komissiyasining kecha o‘tkazilgan majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqoti to‘g‘risida” qaror qabul qilinganini ta’kidlab, unda mazkur jarayonni tashkil etish va o‘tkazishda komissiyalarning vazifalari belgilab berilganini ta’kidladi. 

 

 

– Qarorda saylovoldi tashviqoti 2024-yil 22-sentyabrdan boshlanishi belgilangan, – dedi X.Muhammadiyev. – Saylovoldi tashviqoti davrida Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 2-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga qat’iy rioya etilishi lozim. Qarorda belgilanganidek, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqotida foydalanish uchun davlat ommaviy axborot vositalaridan bepul efir vaqti va nashr maydoni ajratilmoqda. Jumladan, viloyat televideniyesi va radiosida har bir siyosiy partiya uchun 150 daqiqadan, “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik” va “Ovozi Samarqand” gazetalarida 2,5 sahifadan nashr maydoni beriladi. Ommaviy axborot vositalari bepul ajratiladigan efir vaqti va nashr maydoni doirasida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga zarur shart-sharoitlar yaratishi, yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya qilishi talab etiladi. Hududiy saylov komissiyasi matbuot markazi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bilan birgalikda saylovoldi tashviqoti monitoringini tashkil etadi va bu haqda hududiy saylov komissiyasiga kunlik ma’lumot taqdim etib boradi.

 

 

Saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning ommaviy axborot vositalarida chiqishlari siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbati inobatga olngan holda quyidagi tartibda oshiriladi:

 

birinchi – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi;

 

ikkinchi – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

 

uchinchi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi;

 

to‘rtinchi – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;

 

beshinchi – O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

 

Yig‘ilishda saylovoldi tashviqotini olib borish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama etilib, komissiyaning qarori qabul qilindi. 

 

Majlisdan so‘ng viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi X.Muhammadiyev ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda komissiyaning shu paytgacha amalga oshirgan ishlari yuzasidan ma’lumot berildi.

 

 

 

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur